Xush kelibsiz!

Gitara dunyoda eng keng tarqalgan cholg‘u asboblaridan biridir. Uning ovozi betakror bo‘lib, ayrim cholg‘u asboblaridan farqli o‘laroq, uni o‘zingiz bilan istalgan joyga olib borishingiz, do‘stlar davrasida sevimli qo‘shiqlaringizni ijro etishingiz mumkin.

Gitara mening eng sevimli cholg‘u asboblarimdan biridir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, 2012-yildan beri YouTube kanalimga o‘zbekcha qo‘shiqlarni gitarada ijro etish ko‘rsatilgan videodarslarni yuklab kelaman. Bu darslarim asosan gitara chalishni bilganlar uchun mo‘ljallangan.

Ko‘pchilikning iltimosi bilan gitara chalishni o‘rganish ishtiyoqida yurganlar uchun mo‘ljallangan ushbu saytni ishlab chiqdim. Mazkur sayt gitara chalish sirlarini o‘rgatuvchi ilk va hozircha yagona o‘zbekcha saytdir. Bu yerda berilgan ma’lumotlar yordamida gitara chalishni noldan boshlashingiz mumkin. Bundan tashqari, saytimda gitara chalishdan xabari borlar uchun ham qiziqarli va foydali ma’lumotlar berilgan.

Gitara chalishni har kim o‘rganishi mumkin. Eng asosiysi, bunga vaqt ajratib, yetarlicha mashq qilishdir. Ushbu saytda gitara sotib olishdan tortib, turli o‘zbekcha qo‘shiqlarning akkordlarigacha topasiz.

Saytni tayyorlashda shaxsiy tajribam, Internet saytlar, Nick Freethning „Learn to Play the Guitar: A Step-by-Step Guide“ (ISBN 978-1-4454-3970-9) hamda A. Baxmin va A. Molnarning „Самоучитель игры на шестиструнной акустической и электрогитаре“ (ISBN 5-89801-001-6) kitobiga tayandim.

Gitara qismlari

Quyida akustik gitara qismlari bilan tanishishingiz mumkin. Qismlarning atalishini eslab qolishga harakat qiling. Bu keyingi sahifalardagi materiallarni o‘zlashtirishingizni osonlashtiradi.